Sherali Jo'rayev - O'zbegim paroles de chanson

paroles de chanson O'zbegim - Sherali Jo'rayev



Tarixingdir ming asrlar Ichra pinhon, o'zbegim,
Senga tengdosh Pomiru Oqsoch Tiyonshon, o'zbegim.
So'ylasin Afrosiyobu So'ylasin O'rxun xati,
Ko'hna tarix shodasida Bitta marjon, o'zbegim.
Al Beruniy, Al Xorazmiy, Al Forob avlodidan,
Asli nasli balki O'zluq, Balki Tarxon, o'zbegim.
O'tdilar sho'rlik boshingdan O'ynatib shamshirlarin
Necha qoon, necha sulton, Necha ming xon, o'zbegim.
Tog'laring tegrangda go'yo Bo'g'ma ajdar bo'ldi-yu,
Ikki daryo - ikki chashming, Chashmi giryon, o'zbegim.
Qaysari Rum nayzasidan Bag'rida dog' uzra dog',
Chingizu Botu tig'iga Ko'ksi qalqon, o'zbegim.
Yog'di to'rt yondin asrlar Boshingta tiyri kamon,
Umri qurbon, mulki toroj, Yurti vayron, o'zbegim.
Davr zulmiga va lekin Bir umr bosh egmading,
Sen - Muqanna, sarbador - sen, Erksevar qon, o'zbegim.
Sen na zardusht, sen na buddiy, Senga na otash,
Sanam, Odamiylik dini birla Toza imon, o'zbegim.
Ma'rifatning shu'lasiga Talpinib zulmat aro,
Ko'zlaringda okdi tunlar Kavkabiston, o'zbegim.
Tuzdi-yu Mirzo Ulug'bek Ko'ragoniy jadvalin,
Sirli osmon tokiga ilk - Qo'ydi narvon, o'zbegim.
Mir Alisher na'rasiga Aks-sado berdi jahon,
She'riyat mulkida bo'ldi Shohu sulton, o'zbegim.
Ilmu she'rda shohu sulton, Lek taqdiriga qul,
O'z elida chekdi g'urbat, Zoru nolon, o'zbegim.
Mirzo Bobur - sen, fig'oning Soldi olam uzra o't,
Shoh Mashrab qoni senda Urdi tug'yon, o'zbegim.
She'riyatning gulshanida So'ldi mahzun Nodira,
Siym tanni yuvdi ko'z yosh, Ko'mdi armon, o'zbegim.
Yig'ladi furqatda Furqat Ham muqimliqda Muqiym,
Nolishingdan Hindu Afg'on Qildi afg'on, o'zbegim.
Tarixing bitmakka, xalqim, Mingta Firdavsiy kerak,
Chunki bir bor chekkan ohing Mingta doston, o'zbegim.
Ortda qoldi ko'hna tarix, Ortda qoldi dard, sitam,
Ketdi vahming, bitdi zahming, Topdi darmon, o'zbegim.
Bo'ldi osmoning charog'on Tole xurshidi bilan,
Bo'ldi asriy tiyra shoming Shu'la afshon, o'zbegim.
Men Vatanni bog' deb aytsam, Sensan unda bitta gul,
Men Vatanni ko'z deb aytsam, Bitta mujgon, o'zbegim.
Faxr etarman, ona xalqim, Ko'kragimni tog' qilib,
Ko'kragida tog' ko'targan Tanti dehqon, o'zbegim.
O'zbegim deb keng jahonga Ne uchun madh etmayin!
O'zligim bilmoqqa davrim Berdi imkon, o'zbegim.
Men buyuk yurt o'g'lidurman,
Men bashar farzandiman,
Lek avval senga bo'lsam Sodiq o'g'lon, o'zbegim.
Menga Pushkin bir jahonu Menga Bayron bir jahon,
Lek Navoiydek bobom bor, Ko'ksi osmon, o'zbegim.
Qayga bormay boshda do'ppim, G'oz yurarman,
Gerdayib, Olam uzra nomi ketgan O'zbekiston, o'zbegim.
Bu qasidam senga, xalqim, Oq sutu tuz hurmati,
Erkin o'g'lingman, qabul et, O'zbegim, jon o'zbegim.




Sherali Jo'rayev - O'zbegim
Album O'zbegim
date de sortie
19-01-2018




Attention! N'hésitez pas à laisser des commentaires.